

Xabar berganimizdek, O'zbekiston Respublikasidagi Koreya Respublikasi Elchixonasi huzuridagi Toshkent Koreya ta'lim markazi direktori Lee Young Woong, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Ma'murov Bahodir Baxshulloyevich, umumta'lim maktablari direktorlari va o'qituvchilari, shuningdek, koreys tilini o'rganayotgan o'quvchi va talabalar ishtirokida institutning fakultet binosi ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbir davomida mehmonlar uchun talaba-yoshlarning ta'lim olishi uchun yaratilgan zamonaviy va qulay sharoitlar, o'quv xonalari hamda koreys tilini o'rganishga mo'ljallangan o'quv-uslubiy qo'llanmalar namoyish etildi.
Ishtirokchilar o'quv xonalarining jihozlanishi, ta'lim jarayoni uchun yaratilgan imkoniyatlar va talabalar foydalanishi uchun tayyorlangan o'quv materiallari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur tashabbus koreys tili yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun sifatli ta'lim olish, zamonaviy bilim va ko'nikmalarni egallash hamda tilni chuqur o'rganish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Yangi bino — yangi imkoniyatlar, yangi imkoniyatlar esa yangi marralar sari yo'l!